Sinovlardan 86 balldan yuqori to’plagan pedagoglarga 70 foiz ustama beriladi
Abdulla Avloniy nomidagi institut pedagoglarda kasb mahoratini oshirishga mas’ul bo‘lishi belgilandi.
Institutning 12 ta hududiy markazini zamonaviy qiyofaga keltirish va jihozlash uchun yaqin 3 yilda budjetdan har yili 50 milliard so‘m ajratiladi.
Hokimlarga joylardagi barcha malaka oshirish markazlarini zamonaviy qiyofaga keltirish topshirildi.
Malaka oshirishda vazirlik, malaka oshirish markazi, maktab va bog‘chani bog‘laydigan vertikal tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, joylarda 1 ming 300 ta tayanch maktab va 200 ta bog‘cha tanlab olinib, ulardagi yetakchi o‘qituvchilar yosh pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati”ni tashkil etadi. Buning uchun yetakchi o‘qituvchilarning ish haqiga 20 foiz ustama qo‘shiladi.
Muallimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish albatta davom ettirilishi ta’kidlandi.
Kelgusi o‘quv yilidan xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yo‘lga qo‘yiladi. Sinovlarda 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qo‘shimcha 70 foiz ustama oladi.
Misol uchun, oliy toifali biologiya o‘qituvchisi o‘z fani bo‘yicha xalqaro sertifikati bo‘lsa – 50 foiz, direktor jamg‘armasidan 40 foizgacha va yangi talabga javob bersa, yana 70 foiz ustama oladi.
Shu tariqa uning umumiy oylik maoshi 4 million 500 ming so‘mdan 12 million so‘mga yetadi. O‘qituvchilar uchun 1 ming dollar maosh bugun real hodisaga aylanib borayotganini shu misolda yaqqol ko‘rish mumkin.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi har yili sog‘lig‘ini tiklash uchun sanatoriy va dam olish maskanlariga yuboriladigan o‘qituvchilar sonini 2 barobar oshirsa, maqsadga muvofiq bo‘lishi qayd etildi.
Rektorlar ham oliygohlarni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan professor-o‘qituvchilar uchun sihatgoh yo‘llanmalari sonini 50 foizga oshirishlari lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bir yil oldin maktab direktorlarini o‘qitish tizimi joriy etilgan edi. Bugungi kunda ulardan 1 ming 206 nafari menejerlik sertifikatiga ega bo‘ldi. Hozir ana shu direktorlarga ustama berilmoqda.
Endi bu amaliyot 2025-yil 1-sentyabrdan bog‘cha mudiralariga ham tatbiq etiladi va ularga har oyda 30 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Maktab direktori, uning boshqaruvchilik mahorati haqida muhim qo‘llanma bo‘ladigan kitoblar yo‘qligi qayd etilib, tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda maktab direktorlari haqida ana shunday kitob tayyorlansa, ayni muddao bo‘lishi ta’kidlandi.
Sharhlar