Sirdaryodagi bog’chada 2 yoshli bolaning to’satdan vafot etganligi yuzasidan qo’shimcha ma’lumotlar berildi
7-avgust kuni Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan I.S. (2022-yilda tug‘ilgan o‘g‘il bola) to‘satdan vafot etgan. Bolalar ombudsmani o‘z vakolatlari doirasida mazkur holat yuzasidan kuzatuv olib bormoqda.
Hodisa yuzasidan tuman prokuraturasi o’tkazgan tergovga qadar tekshiruv doirasida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlanib, uning xulosasiga ko‘ra, I.S. nafas yo‘llari berkilib qolishi natijasida (obturatsion asfiksiya) vafot etganligi qayd etilgan.
Aniqlanishicha, tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti mas’ul shaxslari bolaning tug‘ilganidan buyon unda aniqlangan kamqonlik (anemiya) kasalligini shu kunga qadar davolash choralarini ko‘rmasdan, mas’ul mansabdor shaxslar tomonidan bu borada qat’iy nazorat o‘rnatilmagan.
Shu bilan birga, I.S. ni bog‘chaga qabul qilishda bolaning umumiy sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotnoma olinmasdan hamda bola 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsada, tarbiyalanuvchilar safiga qabul qilingan.
Shuningdek, mas’ullar tomonidan bolada sog‘lig‘i bilan bog‘liq sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jarayonlar doimiy nazoratga olinmagan hamda kuzatilgan dastlabki tibbiy simptomlarni muntazam ravishda nazorat qilib borilmasdan, malakali birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmagan.
11-sentyabr kuni I.S.ning vafot etganligi holati yuzasidan Mirzaobod tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti mas’ul xodimlariga nisbatan JKning 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) hamda oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 192-11-moddasi 1-qismi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Mirzaobod tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu borada qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Sharhlar