Sirdaryoda 13 yoshli qiz o’z uyidan o’lik holda topildi
Sirdaryo viloyatida 13 yoshli qiz o’z uyidan o’lik holda topildi. Bu haqda Anhor.uz’ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangiyer shahar ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismining xabar berishicha, 03-iyul kuni soat 19:30 larda Yangiyer shahar, Shukrona MFY, Buxoro ko‘chasida ijara asosida yashovchi S.M. Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Ayol ishdan uyiga qaytganida uyning mehmonxonasida 2011-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan farzandi S.K.ning jasadi yotganligini aytgan.
Hodisa sodir bo‘lgan joy tezkor-tergov guruhi a’zolari ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, hodisa joyidan barmoq izlari, 2 dona yostiq, 2 dona pivo spirtli ichimligining yelim idishi, 2 dona qulflar ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Marhuma S.K.ning murdasi tashqi tomondan ko‘zdan kechirilganda, uning old peshona sohasi chap tomonida, bo‘yin old sohasi chap va o‘ng yuzasi o‘rta qismida, chap son sohasi o‘rta qismida ko‘kimtir tusdagi qontalashlar va qorin old devori o‘ng yonbosh sohasida ko‘ndalang joylashgan chiziqli shilinma kabi jarohatlar borligi aniqlangan.
Marhuma S.K.ning murdasi ko‘zdan kechirilib, sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Yangiyer tumanlararo sud tibbiy ekspertizacining 03-iyuldagi (birlamchi) 43-sonli ma’lumotnomasida voyaga yetmagan S.K.ning o‘limi bo‘yin a’zolarining qisilishi, bo‘g‘ish natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab bo‘lganligi qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu jinoyatni fosh etish yuzasidan viloyat prokuraturasi va ichki ishlar boshqarmasi xodimlaridan iborat tarkibda tuzilgan
tergov-tezkor guruhi tomonidan jinoyatni sodir qilgan shaxsni aniqlash yuzasidan tezkor tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan Y.X.ni qidirib topish bo‘yicha viloyat IIBga alohida topshiriq berilgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakati davom ettirilmoqda.
Sharhlar