Sirdaryoda erkak ayolini urib, sochlarini olib tashladi
Sirdaryo viloyat IIB axborot xizmatining bildirishicha, joriy yilning 21-avgust kuni Guliston shahar navbatchilik qismiga Guliston shahrida yashovchi fuqaro Q.B. turmush o‘rtog‘i fuqaro N.E. (ayol) bilan rashk oqibatida o‘zaro janjallashib qolganligi haqidagi xabar kelib tushgan.
Natijada erkak xotini tanasining turli joylariga urib, tan jarohati yetkazgan va sochlarini olib tashlagan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro Q.B. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 126 prim 1-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Guliston shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi xabariga ko‘ra, jabrlanuvchi N.E. shifoxonaga yotqizilgan. U belgilangan davolash muolajalaridan so‘ng ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga joylashtirilib, mutaxassislar tomonidan tegishli yordamlar ko‘rsatiladi.
Sharhlar