Sirdaryoda haydovchidan pora talab qilgan katta inspektor 4 yilga qamaldi

U $400 evaziga tekshiruv materiallarini YTH sodir etgan haydovchining foydasiga hal qilishni va sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirishni va’da qilgan.

Ma’lum qilinishicha, Sirdaryoda YHXX katta inspektori YTH yuz bergan joyga yetib borgan. U hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirib, yo‘lovchilardan biri olgan tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash uchun tibbiyot ekspertizasini tayinlagan va haydovchining boshqaruvidagi mashinani shu kuniyoq jarima maydonchasiga joylashtirgan. Oradan 4-5 kun o‘tgach, haydovchini o‘z xizmat xonasiga chaqirgan.

Natijada u YTH sodir etilgan bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv materiallarini haydovchining foydasiga hal qilgan holda sudga chiqarish, sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirish hamda avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishni va’da qilgan. Buning evaziga haydovchidan 400 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilgan.

Haydovchi xodimning bu taklifiga rozi bo‘lmasdan va o‘z vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Uning arizasiga asosan, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida YHXX katta inspektori o‘z xizmat xonasida 200 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlangan.

Holat yuzasidan sud ishi JIB Guliston shahar sudida ko‘rib chiqildi.

Sud hukmiga ko‘ra, u JKning 210-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, 3 yil muddatga IIOda har qanday lavozimda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.