Siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotining etik qoidalarini imzoladi
Poytaxtda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan saylovoldi tashviqotini olib borishning axloqiy qoidalarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjatni mamlakatdagi barcha siyosiy partiyalar rahbarlari imzoladi.
Mazkur qoidalar 2024-yil 27-oktabrda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi oldidan saylovoldi adolatli va axloqiy kurashni ta’minlashga qaratilgan. Deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun saylovoldi tashviqoti 22-sentabrdan boshlanadi.
Bunday axloqiy qoidalarni imzolash xalqaro amaliyot sanaladi. Rivojlangan mamlakatlarda bunday kelishuvlar siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar o‘rtasidagi nohaq raqobatning oldini olish, adolatli raqobatni ta’minlash va bir-biriga hurmatni saqlashga xizmat qiladi. Bu yilgi Yevroparlamentga saylovlar chog‘ida, shuningdek, boshqa bir qator rivojlangan mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan saylovlar chog‘ida ham xuddi shunday kelishuvlar siyosiy partiyalar tomonidan imzolandi.
Sharhlar