So’nggi 6 oy davomida 101 xodim baxtsiz hodisalar tufayli hayotdan ko‘z yumdi

Foto: xabardor.uz

Joriy yilning 6 oyi davomida 16 ta holatda majburiy mehnat aniqlanib, 135 nafar fuqaroning mehnat huquqlari tiklandi, deb xabar bermoqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati.

Shuningdek, 13 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi hamda 3 ta holatda tegishli hujjatlar sud va prokuratura organlariga o‘tkazildi.

O‘tgan davr mobaynida vazirlikning komplayens nazorat xizmati tomonidan tizimda 134 ta korrupsiyaviy xavf-xatar aniqlangan va holatlarning oldini olish va bartaraf etish yuzasidan vazirlik, uning tarkibiy va hududiy tuzilmalarida 98 ta banddan iborat korrupsiyaga qarshi kurash dasturi tasdiqlandi.

Shuningdek, shu yilning o‘tgan davrida 254 nafar noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodim ishga tiklandi. Hisobot davrida 7 ming 349 nafar fuqaroning 31 mlrd so‘mdan ortiq ish haqlari undirib berilgan. Respublika bo‘yicha 2024 yilning 6 oyi davomida 387 ta sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida 416 nafar xodim jabrlangan, 303 nafari og‘ir va 12 nafari yengil tan jarohati olgan, 101 nafari afsuski, hayotdan ko‘z yumgan.

Baxtsiz hodisalar tufayli xodimlar yoki ularning oila a’zolariga 823 million so‘mdan ortiq tovon pullarini undirish yuzasidan sudlarga da’vo arizalar kiritilib, shundan 10 nafar fuqaroga 274 million so‘m undirib berildi va qolganlari bo‘yicha jarayon davom etmoqda.

Baxtsiz hodisalarning eng katta qismi, 26 % qurilish sohasiga to‘g‘ri kelgan. 374 ta holatda korxonaning faoliyati to‘liq tekshirilib ijrosi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar hamda 63 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida chora-tadbirlar belgilanib, to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.