Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri va boshqalarga oid sud majlisida jurnalistlar kuzatuvchi sifatida qatnashishi mumkin

Foto: sud.uz

Qator ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqdagi kanallarda sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri va boshqalarga oid jinoyat ishining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq turli mazmundagi xabarlar tarqalmoqda.

Toshkent shahar sudlari axborot xizmati ma’lum qilishicha, ayni kunlarda jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosida mazkur jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqilmoqda. 6-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida ayrim sudlanuvchilarning advokatlari tomonidan protsessda ommaviy axborot vositalari xodimlarining ishtiroki masalasi muhokama qilinib, sud ajrimi bilan advokatlar iltimosnomasi qisman qanoatlantirilgan. Mazkur ajrimga ko‘ra, ochiq sud majlisida ommaviy axborot vositalari xodimlarining ishtiroki (kuzatuvchi sifatida) uzil-kesil ta’qiqlangani yo‘q. Biroq, ish qurollaridan foydalanishi (tasvirga va fotosuratga olishi, audio shaklida yozib olish) faqat raislik etuvchining ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Mazkur tartib Jinoyat-protsessual kodeksining sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishiga doir 19-moddasining 9-bandi hamda Oliy sud Plenumining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”gi Qarorining 14-bandida belgilangan.

Jinoyat ishi hajman katta ekani, protsess ishtirokchilari soni ko‘pligidan kelib chiqib, ommaviy axborot vositalari xodimlariga zarur sharoitlar yaratib berish borasida qo‘shimcha choralar ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.