Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilar uchun sunʼiy intellekt bazasida yaratilgan virtual yordamchini ishga tushirdi

Фото: Udacity

Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarga 24/7 rejimida maʼlumot berishga mo‘ljallangan, DavrOn deb nomlangan virtual yordamchini ishga tushirdi. U ai.soliq.uz  manzilida joylashgan, deb yozmoqda qo‘mita matbuot xizmati.

DavrOn – samimiy va professional maslahatchi sifatida soliq va soliqqa tortish masalalarida maʼlumotlar hamda personal maslahatlar bera oladi. Virtual yordamchi o‘zbek, rus va ingliz tillarida samimiy muloqot qila oladi.

Mazkur yordamchi 3 oy davomida yaratildi, uni takomillashtirish jarayoni uzluksiz davom ettiriladi. Shu maqsadda Soliq kodeksi, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlari, meʼyoriy hujjatlar va yo‘riqnomalar, shuningdek, soliq organlarining call-markaziga kelib tushayotgan onlayn-NKT, EHF, elektron raqamli imzo, elektron hisobotlar, markirovka va boshqa xizmatlarga oid savollarga javoblarni o‘z ichiga olgan 11 mln belgidan iborat bilimlar bazasi yaratildi.

Soliq qo‘mitasi barcha soliq to‘lovchilarni ai.soliq.uz saytidagi virtual yordamchi xizmatidan foydalanishni tavsiya qiladi.

Virtual yordamchi Soliq qo‘mitasining sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanadigan uchinchi xizmatidir.

“2022-yilda soliq to‘lovchilarni masofadan identifikatsiya qilish bo‘yicha Face ID xizmati joriy etilgan. Bugungi kunda xizmat auditoriyasi 6 mln nafardan ortiq mobil ilova foydalanuvchilarini qamrab olgan. Face ID tizimi mukammal ishlashi uchun identifikatsiyadan o‘tish fotosurat yordamida emas, balki haqiqatda mavjud inson tomonidan amalga oshirilayotganini aniqlash uchun maxsus model yaratildi.

Soliq maʼmurchiligiga xizmat qiladigan yana bir sunʼiy intellekt — bu yuk avtotransport vositalari monitoringi tizimi. Kompyuterning ko‘rish modeli yuk mashinalarini boshqa texnikalardan ajratish uchun maxsus kameradan olingan tasvirlardan foydalanadi. Keyinchalik, tizim avtotransport vositasi yuk bilan yoki yuksiz harakatlanayotganini aniqlaydi va olingan maʼlumotlarni tahlil uchun yuboradi. Mazkur texnologiya Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi karyerlarda noruda foydali qazilmalarni qazib olishni kuzatish va hisobga olishda qo‘llanilmoqda”, – deyiladi xabarda.

Soliq qo‘mitasi soliq maʼmurchiligi samaradorligini oshirish, shuningdek, soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda imkoniyatlarni kengaytirib borishni ko‘zlagan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.