Toshkentda O‘zbekiston davlat sport akademiyasi tashkil qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga sport ta’limini rivojlantirish va xalqaro musobaqalarni o‘tkazish rejalari bo‘yicha axborot berildi, deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida.
Ma’lumki, poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda. Kelgusi yil u yerda yoshlar o‘rtasida yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi.
Keyinchalik undan samarali foydalanish maqsadida Olimpiya shaharchasida O’zbekiston davlat sport akademiyasi tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan. Ushbu muassasa huzuriga Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqot instituti hamda Mutaxassislar malakasini oshirish instituti ham o‘tkaziladi. Akademiya tizimida Sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi, Axborot kutubxona markazi, O’zbekiston tarixi va xorijiy tillarni o‘qitish markazi ochiladi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab, akademiyaga 3 ta bakalavr yo‘nalishi va 6 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qabul boshlanadi. Bitiruvchi talabalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 6 yillik trenerlik malaka sertifikati beriladi. Olimpiya va paralimpiya kollejlaridan seleksiya qilingan bitiruvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi kursga qabul qilinadi.
Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga kafedralar va o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajribasi asosida tashkil etish, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sharhlar