Bosh prokuratura: sportga ajratilgan pullarni talon-toroj qilgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi
Prokuratura organlari tomonidan sportni rivojlantirishga qaratilgan qonunlar ijrosi yuzasidan tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda, deb yozadi O’zA.
Xususan, Basketbol federatsiyasi ijrochi direktori Yu.S. ishlar boshqaruvchisi S.I. bilan jinoiy til biriktirib, S.I.ning onasi va ukasi nomiga “S.A.G.” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil qilib, sportchilar sog‘lig‘ini monitoring qilishga mo‘ljallangan 2 dona aslida yetkazib berilmagan maxsus uskunalar uchun federatsiyadan 197 million so‘m mablag‘ni jamiyat hisobiga o‘tkazib, talon-toroj qilgan.
Shuningdek, federatsiyaning 1-vitse prezidenti X.G. federatsiyaga tegishli bo‘lgan korporativ plastik kartadan noqonuniy ravishda 162 million so‘m mablag‘ni yechib olib, shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatgan.
Bundan tashqari, yuqoridagi mansabdor shaxslar tomonidan federatsiyaga guyoki homiylarni jalb qilish xizmatlarini ko‘rsatish haqida soxta shartnoma rasmiylashtirilib, federatsiyaning 130 million so‘m mablag‘lari o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborilgan.
Bosh prokuratura axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazildi va sudning hukmi bilan aybdorlarga tegishli jazo choralari qo‘llanildi.
Sharhlar