SSV “Seftriakson” bilan bog’liq xabarga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaroda “SЕFTRIAKSON-BXFZ” dori vositasini qo‘llash natijasida nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi fuqaro A.X. o‘zida 3 kun davomida isitma, holsizlik kuzatilgandan so‘ng, uy sharoitida davolanish maqsadida shifokor tavsiyasisiz, o‘zboshimchalik bilan “Seftriakson” va “Lidokain” dori vositalari aralashmasini onasi yordamida mushak orasiga qabul qiladi. Oradan chamasi 10 daqiqa o‘tgach, bemorda badan qaqshashi, kuchli holsizlik, nafas siqishi va qon bosimining me’yoridan oshib ketishi kuzatiladi.

Shundan so‘ng fuqaro “Tez yordam” mashinasida dislokatsiya bo‘yicha dastlab I.Ergashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasi, keyin esa ixtisoslashgan yordam ko‘rsatish maqsadida Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasiga olib kelinib, standart bo‘yicha davo choralari qo‘llaniladi.

Bajarilgan muolajalar natijasida bemorda toshmalar, isitma, holsizlik kabi simptomlar bartaraf etilib, fuqaroning ahvoli yaxshilangandan keyin uyiga javob beriladi.

Dastlabki o‘rganishlar bemorda kuzatilgan nojo‘ya reaksiya mazkur dori vositasining sifati bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda.

Ushbu preparat qonunda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda laborator tekshiruvlar natijasida sertifikatlashtirilib, tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun ruxsat etilgan. Shunga qaramasdan, bemordan qabul qilib olingan preparatlar ayni damda Markaz laboratoriyalarida qayta tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Seftraksion” dori preparati keng ta’sir doirasiga ega bo‘lgan antibiotiklar oilasining uchinchi avlodiga mansub bo‘lib, u bakterial infeksiyalarni davolashda qo‘llaniladi.

Lekin shamollash, gripp va boshqa virusli infeksiyalar muolajasida ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu preparat shifokor retsepti asosida beriladi va shifokor nazorati ostida qo‘llaniladi. Undan uy sharoitida o‘zboshimchalik bilan foydalanish mutlaqo mumkin emas!

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.