SSV: Yana bir markaz xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tdi. Bu nima beradi
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga Sog‘liqni saqlash sohasida sifat bo‘yicha akkreditatsiya markazi (ACQH) tomonidan xalqaro standartlarga muvofiqlik sertifikati topshirildi.
Xalqaro ekspertlar muassasamiz faoliyatini 6 oydan ortiq muddat davomida diqqat bilan o‘rganishdi, — dedi markaz direktori Ulug‘bek Sabirov. — Endilikda ushbu akkreditatsiya bizning xalqaro standartlar asosida ish olib borishimizni tasdiqlaydi va bizga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklaydi. Galdagi maqsadimiz — hududiy filiallarimiz faoliyatini rivojlantirish va ularning ham xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishiga erishish.
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi aholiga bu yo‘nalishda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etishga mas’ul bo‘lgan, vertikal boshqaruvga ega bosh muassasa hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, markaz xalqaro miqyosda yuqori darajadagi aloqalarni rivojlantirish orqali o‘zining ilmiy va amaliy salohiyatini kengaytirmoqda. AQSH, Rossiya, Janubiy Koreya, Belarus Respublikasi, Turkiya, Hindistonning yetakchi markaz, klinika hamda universitetlari bilan o‘rnatilgan aloqalar eng ilg‘or tibbiy texnologiyalar va davolash usullarini o‘rganish, zamonaviy tibbiy va ilmiy tadqiqotlar hamda ta’lim resurslarida ishtirok etish, klinik tajriba almashishga qaratilgan.
Muhimi, sohaga innovatsion diagnostika va davolash usullarini tatbiq etish, kadrlar malakasini oshirish asosiy masalaga aylangan. Markazda raqamlashtirish tizimining faol tatbiq etilishi esa tibbiyot xodimlarining ish samaradorligi oshishi va bemorlarga qator qulayliklar yaratilishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda markaz olimlari genodermatoz va onkodermatoz muammolari, terining zamburug‘li va virusli kasalliklari, jinsiy yo‘l bilan yuquvchi yangi xastalik turlarini aniqlash, dermatokosmetologiya va soch ko‘chirib ekish bo‘yicha bemorlarni muvaffaqiyatli davolamoqda.
Shuningdek, muassasaning hududiy filiallarida teri va uning hosilalari kasalliklari, tug‘ma yoki orttirilgan kosmetik yetishmovchiliklarni muolaja qilishda ilg‘or yondashuvlar amaliyotga tatbiq etildi.
Markaz ilmiy izlanishlar asosida mahalliy xomashyodan tayyorlanadigan tibbiy mahsulotlarni ishlab chiqish borasida ham katta yutuqlarga erishyapti.
Akkreditatsiya sifat va xavfsizlik sertifikati hisoblanib, tibbiy markazning xalqaro standartlar asosida ish olib borishini va unda bemorlar uchun xavfsiz muhit mavjudligini anglatadi. Xususan, chet eldan keladigan bemorlar ham davolanish uchun xalqaro talablarga javob beradigan muassasalarni tanlaydi. Shuningdek, xalqaro akkreditatsiya markazga investorlar va strategik hamkorlarni jalb qilish imkonini oshiradi.
Sharhlar