Statistika agentligi Otabek Bakirovning Telegram kanalida e’lon qilingan xabarga munosabat bildirdi
Iqtisodchi bloger Otabek Bakirovning Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi kanalida e’lon qilingan “O‘zbek statistikasi: oktabrda benzin 1,5%ga, propan 1,2%ga qimmatlagan, inflyatsiya 0,8%ga tushgan” deb nomlangan postiga javoban quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Statistika agentligi tomonidan inflyatsiya darajasi to‘g‘risida e’lon qilingan tahliliy ma’lumotlar ilmiy asoslangan hamda xalqaro tavsiya va standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan metodologiyaga asosan amalga oshirilgan hisob-kitoblar natijasida shakllantirilgan.
“Shu sababli, e’lon qilingan statistika ma’lumotlariga nisbatan “tushirilgan” kabi asossiz vajlarni keltirish noo‘rin deb hisoblaymiz. Bu o‘z navbatida, xalqimiz va xalqaro hamjamiyat oldida O‘zbekistonning ijobiy imijiga salbiy ta’sir uyg‘otishi tabiiy hol. Bunday so‘zlar va tahlillar aynan xalqaro investorlarni chalg‘itishga sabab bo‘lib, mamlakatimizning investitsion jozibadorligi va salohiyatini oshishiga salbiy ta’sir o‘tkazadi”, – deb yozmoqda Statistika agentligi matbuot xizmati.
Bundan tashqari, yillik nisbatdagi inflyatsiya o‘tgan yilning oktabrida qayd etilgan yillik ko‘rsatkichdan 1,2 % ga baland bo‘ldi. Ya’ni, yillik inflyatsiya darajasi tezlashgan.
Shuningdek, postingizda Statistika agentligi benzin va propan narxlarini qaysi hududlarda va qaysi shoxobchalarda kuzatayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berishini so‘ragansiz.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonuni 28-moddasiga asosan, jismoniy yoki yuridik shaxslarni bevosita yoki bilvosita identifikatsiyalash imkonini beradigan statistika ma’lumotlari mahfiy ma’lumotlar hisoblanadi va statistika organlari mazkur turdagi ma’lumotlarni oshkora etmaslikni kafolatlaydi.
“Sizga kelgusidagi faoliyatingizga omad tilagan holda, rasmiy statistika ma’lumotlariga nisbatan asossiz vajlar bilan jamoatchilikda shubha uyg‘otmaslik va ularning fikrini chalg‘itmaslikka chaqiramiz”, – deyiladi xabarda .
Sharhlar