Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat yo‘nalishidagi subsidiyalar maqbullashtiriladi

Foto: kknews.uz

“Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-344-son, 30.09.2024-y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:

— Bog‘dorchilik, uzumchilik, issiqxona xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish hamda tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

— 2024–2027-yillarda anjir, funduk va zaytunzorlarni tashkil etishning maqsadli ko‘rsatkichlari.

Agentlik tomonidan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat yo‘nalishidagi subsidiyalar turlari maqbullashtiriladi.

Bunda:

  • 2025-yil 1-yanvardan:

— intensiv mevali bog‘ va uzumzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatgani uchun subsidiya 1 gektar uchun 16 million so‘mdan oshmagan miqdorda belgilanadi;

— suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash uchun subsidiya suv quvurlarining o‘lchamidan (diametri) kelib chiqib, 40 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha belgilanadi;

— “in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlari uchun subsidiya ushbu xarajatlarning 50 foizi miqdorida belgilanadi;

— ekish sxemalari hududlarning tuproq va iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, Agentlik tavsiyasi bilan belgilanadi.

  • ko‘chat payvandtaglari uchun beriladigan barcha turdagi subsidiyalar 2024-yil 1-oktyabrdan bekor qilinadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.