Sudyalar sonini ko‘paytirish, sudyalarning ixtisoslashuvini yanada kengaytirish maqsadga muvofiq
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda odil sudlovni ta’minlash yo‘nalishida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Hayotga tatbiq etilgan islohotlarga qaramasdan, sud tizimida o‘z yechimini kutayotgan qator muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, hozirgi paytda sudyalarning ish yuklamasi juda yuqori bo‘lib, bu sudlar tomonidan ishlarni ko‘rishning muddati va sifatiga salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston aholisi kundan-kunga ortib borayotgan bo‘lsada, shtatdagi sudyalar soni aholining soniga nisbatan mutanosib emas.
Mamlakatimizda har 100 ming nafar aholiga 3-4 nafar sudya to‘g‘ri kelsa, bu ko‘rsatkich Germaniyada 24 nafar, Ispaniya va Italiyada 10, Portugaliyada 19, Vengriyada 29, Xorvatiyada 42, Avstraliyada 27 nafarni tashkil etmoqda.
Xorijiy davlatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bir sudya bir oyda AQSHda o‘rtacha 40 ta, Kanadada 50 ta, Yaponiyada 10 ta, Germaniyada 15 ta va Buyuk Britaniyada 20 ta ishni ko‘radi.
Sud tizimidagi mavjud muammolarni inobatga olgan holda, “Adolat” SDP o‘z Saylovoldi dasturida sudyalar sonini aholi soniga mutanosib ravishda ko‘paytirish, shuningdek, ularning ixtisoslashuvini yanada kengaytirish, jumladan, mehnat, soliq, moliya, intellektual mulk, voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishga oid nizolar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sudyalar korpusini yaratish taklifini ilgari surmoqda.
Partiyamiz tashabbusi odil sudlov sifatini yaxshilash, sudyalarning ish hajmi va ish yuklamasini kamaytirish, shuningdek, fuqarolar huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishini ta’minlaydi.
Sharhlar