Akbar Sultanov “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi lavozimiga saylandi
25-noyabr kuni “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va unga a’zo tadbirkorlik sub’yektlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Charm sanoat korxonalarining umumiy yig‘ilishida sanoatning rivojlanishi, faoliyatni samarali tashkil etish, yangi loyihalar va strategik vazifalar muhokama qilindi. Tadbirkorlik subyektlarining muammolarini hal etish, resurslarni taqsimlash va davlatning bu sohadagi siyosatini amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilishda sohani rivojlantirish bo‘yicha erishilgan natijalar va 2024-yil uchun belgilangan maqsadli parametrlar yuzasidan uyushma kengashiga va tadbirkorlarga hisobot berildi. Charm-poyabzal va mo‘yna sanoatiga bugungi kunda davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Yig‘ilishda charm-poyabzal sohasini mamlakat sanoatining drayveri sifatida rivojlantirishga qaratilgan vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Unda uyushmaga a’zo korxonalar tomonidan “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi lavozimiga Sultanov Akbar Anvarjonovich bir ovozdan tasdiqlandi. Shuningdek, uyushma kengashining yangi tarkibi saylandi.
Yig‘ilishda 2024-yil uchun ajratilgan xarajatlar tahlil qilindi va tegishli smetalar tasdiqlandi. Tadbirkorlarning taklifiga ko‘ra, korxonalarga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish, xorijiy ko‘rgazmalarda mahalliy korxonalarimiz ishtirokini ta’minlashda xarajatlarning bir qismini qoplab berish mexanizmlari joriy etilishi belgilandi.
O‘zbekiston Xalq banki raisi boshchiligida charm saonaoti korxonalari uchun ishlab chiqiligan kredit linyalari va yangi turdagi bank xizmatlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Tadbirkorlar bilan investitsiya loyihalarini amalga oshirishning moliyaviy jihatlari muhokama etildi.
Shuningdek, 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan charm-poyabzal va mo‘yna sanoatini rivojlantirishning maqsadli parametrlari tasdiqlandi. 2024-yilda charm mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2,7 milliard kvadrat detsimetr, poyabzal mahsulotlarini 205 million juftga, charm-attorlik mahsulotlarini esa 143 million donaga yetkazish choralari belgilandi. 2025-yilga kelib, bu ko‘rsatkichlar yanada oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Umimiy yig‘lishda soha korxonalari oldida turgan masalalar ko‘rib chiqilib, ularga ijobiy yechim topish bo‘yicha taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Sharhlar