Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida Tojikistondan olib kelingan jami 25,8 kg. “gashish” giyohvandlik vositasi musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, tojikistonlik narkosavdogar aylanma yo‘llar orqali yuborgan 11 kg. 942 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, Sho‘rchi tumanidagi to‘yxona yaqinida joylashgan simyog‘och ostiga yashirib ketmoqchi bo‘lgan vaqtlarida, o‘zaro qarindosh hisoblangan, 1999 y.t. 2 nafar mahalliy fuqaro qo‘lga olindi.

Shuningdek, ular ajal og‘usini belgilangan joyga qoldirib ketganlaridan so‘ng, uni boshqa shaxs olib ketishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va giyohvandlik vositasini xufiya joydan olish uchun kelgan Uzun tumanida yashovchi, 1987 y.t. fuqaro ham ushlandi.

Shu tariqa o‘zbek-tojik davlat chegarasining Sho‘rchi yo‘nalishidagi narkokanal faoliyatiga chek qo‘yildi.

“Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa “Qo‘qon-Farg‘ona” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Treker” rusumli avtotransport vositasi Bog‘dod tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda Farg‘ona shahrida yashovchi, 1974 va 1988 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs 11 kg. 966 gr. “gashish” moddasini olib ketayotganliklari aniqlanib, protsesssual tartibda rasmiylashtirib olindi”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, ularni boshqa avtomashinada kuzatib borayotgan va giyohvandlik vositasining haqiqiy egasi bo‘lgan, Farg‘ona shahrida yashovchi, 1990 va 1993 yillarda tug‘ilgan er-xotin ham qo‘lga olindi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur er-xotin muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ajal og‘usini Qo‘qon shahrida yashovchi, 1986 y.t. ayoldan sotib olganliklari aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi.

Boshqa holatda esa “Qo‘qon-Marg‘ilon” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi Qo‘shtepa tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1997 y.t. ayolga tegishli 1 kg. 941 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tojikistondan keltirilgan mazkur giyohvandlik vositasi ham yuqoridagi holatda ko‘rsatilgan, ya’ni Qo‘qon shahrida yashovchi, 1986 y.t. ayolga tegishli bo‘lib, uni Marg‘ilon shahriga sotish uchun olib ketayotgan bo‘lgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.