Surxondaryoda tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot va “Eksport uch qadamda” tizimi taqdimoti o‘tkazildi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda qatnashgan nashrimiz jurnalisti xabar beryapti.
Bojxona qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi,viloyat hokimligi, investitsisya boshqarmasining rahbar va mas’ul xodimlari, Savdo-sanoat palarasi, ruxsatnoma va sertifikat beruvchi idora vakillari, eksportyor-importyor korxonalar vakillari, investorlar,tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari hamda bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etishdi.
“Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad davlatimiz tomonidan tadbirkorlarga bojxona sohasida taqdim etilayotgan qulaylik va imtiyozlar, “Eksport uch qadamda” tizimi, “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimining afzalliklari hamda Davlatimiz tomonidan investorlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini yaqindan tanishtirish, mavjud muammoli masalalarga ijobiy yechim topishdan iborat bo‘ldi”, – deyildi uchrashuvda.
Tadbir davomida Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i I.Paradev bugungi kunda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga Dalatimiz tomonidan yaratib berilayotgan ko‘plab qulayliklar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirish tartibotlarini soddalashtirish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar bo‘yicha taqdimotlar namoyish qilindi. Shuningdek, ushbu rejimga tovarlar joylashtirilganda tadbirkorning ham vaqti ham mablag‘lari sezilarli darajada tejalishi misollar yordamida tushuntirib berildi.
Davlat rahbarining PF-27-son Farmoni ijrosi doirasida eksport bilan bog‘liq barcha jarayonlarni o‘zida qamrab olgan “Eksport uch qadamda” tizimi haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Ya’ni, ilgari 9 ta bosqichdan iborat bo‘lgan jarayonlar tadbirkorlik subyektlariga yengillik yaratish maqsadida 3 barobarga qisqargani yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
✅1-bosqichda – eksport shartnomasi shakillantiriladi;
✅2-bosqichda – tizim yordamida transport hujjati va shartnoma ma’lumotlari asosida eksport deklaratsiyasi avtomatik shakllantirladi;
✅3-bosqichda – chegara bojxona postida eksport deklaratsiyasi rasmiylashtiriladi va bir vaktning o‘zida transport nazorati amalga oshiriladi.
Muloqot davomida bojxona operatsiyalarini amalga oshirishda soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish imkoniyati yaratilishi, guvohnoma turlariga qarab taqdim etiladigan imtiyoz va qo‘yiladigan talablar batafsil tushuntirildi.
Shuningdek, tadbir davomida bir guruh tadbirkorlarning murojaatlariga ham shu yerning o‘zida yechim topildi hamda huquqiy maslahatlar berildi.
Sharhlar