Suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanganlar javobgarlikka tortiladi

Foto: uza.uz
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan suv ta’minoti va oqova suv tizimlariga 4,8 mingta noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan. Bunda eng yuqori ko‘rsatkichni Toshkent shahri, Surxondaryo va Jizzax viloyatlari egallagan.

Mazkur qonunbuzarliklar tufayli jamiyat manfaatlariga jami 55,1 milliard so‘mdan ziyod zarar yetkazilgan. Bundan tashqari, ushbu davr mobaynida aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan respublika bo‘yicha 19,2 ming nafar jismoniy va yuridik iste’molchi qarzdorligi uchun suv ta’minoti tarmog‘idan uzilgan.

Ushbu holatlarning 10,7 mingtasi, ya’ni eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan.

“O’tgan davr davomida suv ta’minoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari bo‘yicha 102 ming nafar iste’molchidan jami 310,3 milliard so‘m mablag‘ni undirish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlarga tegishli hujjatlar taqdim etilgan. Shu jumladan, shartnoma asosida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi orqali sud organlariga kiritish uchun 286 milliard so‘mlik 63,6 mingta qarzdor iste’molchi hujjatlari taqdim etilgan. Savdo-sanoat palatasida 36,1 milliard so‘mlik 14,2 mingta ish hujjatlari ko‘rib chiqish jarayonida turibdi”, – deyiladi xabarda.

Suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanishga amaldagi qonunchilikda ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Qonunbuzarlarga belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi. Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.