Suv xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy tizim tashkilotlarining balansiga o‘tkazilishi taklif etilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ushbu loyiha bilan suv fondi yerlari, shu jumladan tabiiy suv manbalari hududlari (daryolar, soylar, jilg‘alar, ko‘llar, botqoqliklar va buloqlar) Suv xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy tizim tashkilotlarining balansiga o‘tkazilishi taklif etilmoqda.
Deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, ishchi guruh a’zolari ishtirok etgan yig‘ilishda qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Uni birinchi o‘qishda yalpi majlisda muhokama qilish jarayonida deputatlar tomonidan berilgan qator takliflar chuqur tahlil qilinib, ularning ayrimlari e’tiborga olinadigan bo‘ldi.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi barcha iqtisodiyot tarmoqlarining va atrof-muhitning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligini yanada oshirish, suv infratuzilmasining va sug‘oriladigan yerlarning holatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Mas’ul qo‘mitada qonun loyihasini takomillashtirish ishlari davom etmoqda.
Sharhlar