Putin, Bayden, Szinpin va boshqalar: O‘zbekistonning Mustaqillik bayrami munosabati bilan xorijiy yetakchilar tabriklar yo‘llamoqda

Фото: Президент Матбуот хизмати

O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar, parlamentlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro institutlar va mintaqaviy tashkilotlar, yetakchi korporatsiya va kompaniyalar rahbarlaridan, taniqli siyosat, jamoat va din arboblaridan samimiy tabriklar kelmoqda, deb yozadi O’zA.

Xorijiy hamkorlar o‘z maktublarida Yangi O’zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va davlatimizning xalqaro obro‘sini mustahkamlashga qaratilgan pragmatik va faol tashqi siyosatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidlamoqdalar. Iqtisodiyot, ijtimoiy soha, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi yutuqlar alohida e’tirof etilmoqda.

Ko‘p millatli O’zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va baxt-saodat, yanada gullab-yashnash va taraqqiyot tilaklari bildirilmoqda.

Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella, Ikki Muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi, Vazirlar Mahkamasi raisi Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va boshqa bir qator mamlakatlar yetakchilari o‘z tabriklarini yo‘llagan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.