Tadbirkorlardan ortiqcha statistika va hisobotlarni talab qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda
16-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241-10-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun loyihasi qabul qilindi.
Kiritilgan o‘zgartirishga asosan, endilikda davlat organlari Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistik ma’lumotlarning yagona ro‘yxatiga kiritilmagan statistika, moliya, soliq va boshqa hisobotlarni tadbirkorlik subyektlaridan talab qilinishi, shuningdek, Yagona ro‘yxatda nazarda tutilgan hisobotni taqdim etishning belgilangan muddatlari va tartibiga zid ravishda talab qilib olish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Ma’lumot uchun, Prezidentning 2024 yil 9 yanvardagi PQ–8-son qarori bilan Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistik ma’lumotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlanib (yagona ro‘yxtga 105 turdagi hisobotlar kiritilgan), Yagona ro‘yxatga kiritilmagan hisobotlarni talab qilish taqiqlangan.
Qonunning qabul qilinishi:
- Yagona ro‘yxatining amalda nuqsonsiz ishlashiga;
- tadbirkorlik subyektlari huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga;
- davlat organlari tomonidan bunday turdagi huquqbuzarliklar sodir etilishi holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Sharhlar