O‘zbekistonda 576 ming kishi taksi haydovchisi sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tgan

Foto: O‘zbekiston Transport vazirligi

O‘zbekistonda 576,1 ming nafar taksi haydovchisi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar bermoqda.

Yil boshidan 15-avgustgacha agregatorlar orqali 166 milliondan ortiq qatnov uchun 3 trln so‘mlik fiskal chek berilgan. 1 mart holatiga (18,3 mln qatnov) taqqoslaganda qatnovlar soni 9 barobarga ortgan.

Aprel oyida 6 ta taksi agregatori soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan edi. Bugungi kunda integratsiyani yakunlagan agregatorlar soni 142 tani tashkil etmoqda.

Avval norasmiy ishlab kelgan yarim mln nafardan ortiq fuqaro (576,1 ming) yo‘lovchi tashish sohasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 361 ming nafardan ziyodi agregatorlar orqali xizmat ko‘rsatadi, bu mart oyidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 2 barobar ko‘p.

Qo‘mitaning qayd etishicha, to‘lovlarni fiskallashtirish o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilarning daromadlari haqida ma’lumot olish imkonini bermoqda. Ularning yil boshidan to 15 avgustgacha bo‘lgan daromadi quyidagicha taqsimlangan:

  • 125,6 ming nafari 1 mln so‘mgacha;
  • 104 ming nafari — 1−5 mln so‘m;
  • 45,3 ming nafari — 5−10 mln so‘m;
  • 78 ming nafari — 10−50 mln so‘m;
  • 7,6 ming nafari — 50−100 mln so‘m.

171 nafar haydovchining daromadi 100 mln so‘mdan oshgan.

«Bu raqamlar norasmiy bandlik va mehnatga haq to‘lashning yashirin shakllarini legallashtirishning natijalarini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Taksi bozorida yashirin aylanmalar ulushini kamaytirish — bu haydovchilar va yo‘lovchilarning huquqlari qonun bilan himoyalangan adolatli va shaffof bozorni yaratish yo‘lidagi muhim qadam», — deyiladi Soliq qo‘mitasi xabarida.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.