Tannarx balandligi uchun Farg‘onadagi sement zavodlari boshqa mamlakatlar bilan raqobat qila olmaydi
So‘nggi yetti yilda respublika sanoati 1,6 barobar o‘sgani bilan, Farg‘ona bu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikada eng oxirgi o‘rinda.
Viloyat sanoatining yarmi Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari, Uchko‘prik tumaniga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan yillarda viloyatga kiritilgan har bir ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumlarini o‘rtacha 207 dollarga ko‘paytirgan. Lekin bu ko‘rsatkich bo‘yicha Toshloq, Dang‘ara, Yozyovon, Rishton va Uchko‘prik ancha orqada.
Mutasaddilarga meva-sabzavot eksporti va paxtani qayta ishlashda ham kamchiliklar borligi, bu boradagi rejalar yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tannarx balandligi uchun Farg‘onadagi sement zavodlarining mahsulotlari import bilan raqobat qila olmayotgani qayd etildi. Oqibatda 10 ta sement zavodi quvvatining uchdan birida ishlayapti.
Bu viloyat hokimi o‘rinbosarlari korxonalardagi tannarx va energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha ishlamayotganidan dalolat.
Shu yilni o‘zida viloyatda 9 ming xonadonli 220 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilayapti. Viloyatdagi 36 ta temir-beton korxonasi quvvati bu qurilishlarning 50 foiz ehtiyojini qoplashga yetadi, xolos.
Ya’ni, quruvchilar mahsulotini boshqa viloyatdan olib kelayapti. Shu munosabat bilan yil yakunigacha temir-beton korxonalarini ko‘paytirish shartligi ta’kidlandi.
Bu yil “Tashabbusli budjet” doirasida Farg‘onadagi 266 ta loyihaga 340 milliard so‘m ajratildi. Lekin uch oydan beri ko‘plab loyihalar bo‘yicha hali amaliy ish boshlanmagani qattiq tanqid qilindi.
Shu oyni o‘zida “Tashabbusli budjet”ga viloyat budjetidan hozirgacha berilmagan mablag‘larni o‘tkazib berish topshirildi. Buning hisobiga 35 ta mahalladagi elektr, gaz va yo‘l masalasi hal bo‘ladi.
Umuman, tumanlar mahalliy budjetida mablag‘ni ko‘proq qoldirish maqsadida jismoniy shaxslardan daromad solig‘ini yarmini tuman budjetida qoldirish masalasini ko‘rib chiqish topshirildi.
Sharhlar