Tanzaniya mamlakati bilan aviaqatnov yo’nalishida kelishuv imzolandi

CAN-2024 tadbiri doirasida Transport vazirligi delegatsiyasi hamda Tanzaniya birlashgan respublikasi o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi. Muzokaralarda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida yuk va yo‘lovchi tashuvlarini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarini ko‘rib chiqishdi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasida yo‘lovchi tashish bo‘yicha haftasiga 21 marta, yuk tashish bo‘yicha esa cheksiz aviaqatnovlarni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuv imzolandi.

Tanzaniya O‘zbekiston uchun mutlaqo yangi yo‘nalish hisoblanadi. Mamlakat o‘zining mo‘tadil ob-havo sharoiti, Maldiv orollari bilan bellasha oladigan zilol suvlariga ega Zanzibar oroli, yovvoyi tabiat qo‘ynidagi savannalari hamda sarguzashtlarga boy Klimanjaro tog‘lari bilan turistlar e’tiborini, shuningdek qahva, choy, kakao, gullar va tropik mevalari bilan savdogarlar e’tiborini tortib keladi.

Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonining turistik kompaniyalari hamda aviakompaniyalari uchun tranzit turistlar oqimini rivojlantirishga ajoyib imkoniyat hisoblanadi. Shuningdek, Tanzaniya aholisi uchun O‘zbekistonga ziyorat turizmini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Turizm qo‘mitasi hamda aviakompaniyalar uchun yangi eshiklarni ochadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.