Namangan va Surxondaryoda media kompaniya targ‘ibotiga yo‘l qo‘ygan maktab va bog‘cha rahbarlari ishdan olindi

Foto: Kun.uz

Ayrim maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida xayriya tadbirlari bahonasida media kompaniyaning targ‘iboti o‘tkazilganligi yuzasidan bolalardan tijoriy maqsadda foydalanishga oid bo‘lgan ushbu holatlar Bolalar ombudsmani va MMTV tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, holatlardan biri Chust tumanidagi 69-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgan bo‘llib, Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan ta’lim maqsadlariga zid ravishda maktabda ta’lim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlar tashkil etganligi uchun maktab direktori J.T. ga intizomiy chora qo‘llanilib, u lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, yana bir holat Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi 11-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida ham yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan bunga yo‘l qo‘ygan maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi v.v.b. A.Z. ga ham tegishli intizomiy chora ko‘rilib, u vazifasidan ozod etildi.

O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 32-moddasida davlat bolaning iqtisodiy ekspluatatsiyadan hamda uning sog‘lig‘i uchun xavf-xatar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoki ta’lim olishiga to‘sqinlik qiladigan yohud sog‘lig‘i, jismoniy, aqliy, ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy rivojlanishiga zarar keltiradigan har qanday ishlardan himoya qilinish huquqini e’tirof etadi, deb belgilangan.

Maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida turli media tijorat kompaniyalari targ‘ibotining o‘tkazilishi ta’lim muassasalarning maqsad va vazifalariga nomuvofiq bo‘lishi bilan birgalikda, qonunchilik talablariga ham ziddir.

Bolalardan bu kabi tijoriy maqsadlarda foydalanish — bola ekspluatatsiyasining bir shaklidir, deyiladi xabarda.

Ta’lim bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tashviqot tadbirlariga bolalarni jalb etilishiga nisbatan qat’iy murosasiz bo‘lish va bunday nomaqbul holatlarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli qonuniy choralar ko‘rish shartligi yuzasidan Bolalar ombudsmani MMTVga tegishli xulosa kiritdi.

Hozirda MMTV rahbariyati tomonidan ta’lim muassasalarida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish yuzasidan respublikaning barcha hududiy maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmalariga tegishli topshiriqlar berildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.