O‘zbekistonda tarixiy yodgorliklarni buzib, boshqa inshootlar qurib olgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi
Prokuratura organlari tomonidan tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Madaniy meros agentligi bilan birgalikda hududlarda o‘tkazilgan tekshirishlarda qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, bir qator arxeologiya yodgorliklari yo‘qotilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan:
Qashqadaryoda “Kofirtepa-2” (VII – XIII asrga oid) yodgorligining 2,4 m3, “Beshteraktepa”ning (IX – XII) 6 m3 hamda “Xontepa”ning (XI – XIII) 189 m3 qismi uy-joy;
Jizzaxda “Tomoshotepa-2” (IV – V) yodgorligining 14 m3 qismi xojatxona hamda “Qoratepa”ning (V – VI) 30 m3 qismi issiqxona;
Sirdaryoda “Hashartepa” (IX – XII) yodgorligining 6,4 m3 qismi hojatxona va hammom;
Navoiyda “G’azg‘ontepa” yodgorligining 16 m3 qismi mobil kompaniya antennasi, “Novvoylartepa-2”ning 5,3 m3, “Kaltepa”ning (V – VIII) 23 m3 hamda “Yasiltepa”ning (III – XI) 20 m3 qismi xo‘jalik inshootlari;
Toshkent viloyatida “Nomsiztepa-1” yodgorligining 15 m3 qismi hojatxona, “Nomsiztepa-2”ning 1,92 m3 qismi issiqxona qurish uchun qisman buzilgan.
Yuqoridagi jami 12 yodgorlikka 8,3 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Sharhlar