Shavkat Mirziyoyev Tojikiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Belarus prezidentlari bilan telefon orqali muloqot qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali suhbatlashdi, ular o‘z hamkasbini tavallud kuni bilan qutladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan 24-iyul kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida O’zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tojikiston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik va oilaviy baxt-saodat, birodar O’zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
O’zbekiston Prezidentining joriy yil 18-19-aprel kunlari Tojikistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Qirg‘iziston Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, O’zbekiston Respublikasiga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va barqaror taraqqiyot tiladi.
O’zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Qirg‘iziston Prezidentining yaqinda O’zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar to‘plamini, shu jumladan qo‘shma “yo‘l xaritasi” asosida o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Ozarbayjon yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, mustahkam sog‘lik va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
O’zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Ikkinchi Hududlar forumi, Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va qator qo‘shma madaniy tadbirlarning samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi qayd etildi.
O’zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari mintaqaviy hamkorlikning muhim jihatlarini ham muhokama qildilar.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Belarus rahbari O’zbekiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sog‘lik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, ko‘p millatli O’zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Joriy yil 7-9-fevral kunlari Belarus Respublikasi Prezidentining O’zbekiston Respublikasiga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Sharhlar