Temir yo‘l stansiyasi boshlig‘i pora bilan qo’lga tushdi
“Temiryo‘linfratuzilma” AJning Jizzax viloyati Zomin tumanidagi Dashtobod stansiyasi boshlig‘i ixtisoslashmagan do‘konlarda boshqa tovarlar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ tomonidan Tojikiston hududidan O‘zbekistonga olib kelinadigan ko‘mir mahsuloti ortilgan 100 ta yuk vagonlarini o‘zining tanishlari orqali bojxona ko‘rigidan navbatsiz o‘tkazib berishni va’da qiladi.
Shuningdek, stansiyada yukni tushirish jarayonida vagonlar belgilangan vaqtdan ortiq turib qolgan taqdirda temir yo‘l jarimasini qo‘llamaslik hamda yuk belgilangan vaqtda tushirib olingani bo‘yicha hujjatni rasmiylashtirib berish evaziga MCHJ vakilidan har bir vagon uchun 100 AQSH dollaridan jami 10 ming AQSH dollari talab qiladi.
Tezkor tadbirda stansiya boshlig‘i 40 ta vagon uchun 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ma’lumot uchun, mazkur mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat Kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan sudlangan.
Sharhlar