Temir yo‘l transporti ikki toifaga ajratilmoqda
“Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonunda “temir yo‘l transporti” tushunchasi qayta ko‘rib chiqilib, yangi tahrirda bayon etilmoqda. Bunda, respublikaning temir yo‘l transporti umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan temir yo‘l transportiga ajratilmoqda.
Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida Qonun bilan temir yo‘l transportida bozor tamoyillari asosida erkin shakllantiriladigan tariflar aniq belgilandi.
Qonunga ko‘ra, yuk vagonlarini taqdim etish, yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmi mustahkamlanmoqda. Bu yo‘lovchilar manfaatlariga xizmat qiladi va, muhimi, chiptalar narxlari talabga muvofiq shakllanishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, yo‘lovchilarni ichki qatnovlarda tashish (bundan yo‘lovchilarni yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda tashish mustasno) bilan bog‘liq zararlarning o‘rnini davlat byudjeti hisobidan qoplash tartibi joriy etildi.
Majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Sharhlar