Termizda ekologlar noqonuniy baliq ovlagan fuqarolarni ushladi

Фото: Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi

Surxondaryo viloyatida ikki nafar fuqaro Surxon daryosida noqonuniy baliq tutayotgan vaqtda ushlandi, deya xabar beradi viloyat ekologiya boshqarmasi.

Ekologiya inspektorlari tungi reydlar davomida Termiz shahridagi “Guliston” mahallasida noqonuniy baliq ovlayotgan ikki nafar fuqaroni qo‘lga oldi.

Qoidabuzarlar olti bosh sazan balig‘ini tutib, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasi talablarini buzgan.

Inspektorlar har bir qoidabuzarga 10 BHM (3 million 400 ming so‘m) miqdorida jarima solgan.

Tabiatga 4 million 80 ming so‘mdan 8 million 160 ming so‘mgacha zarar yetkazilgan.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.