O‘zbekistonda restoran va kafelarga o‘zlariga tutash maydonlarda yozgi terrasaga ruxsat beriladi
O’zbekistonda restoran va kafelarga bahor va yoz mavsumida o‘zlariga tutash maydonlarda stol-stul va soyabon qo‘yib ishlashga ruxsat beriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida aytib o‘tdi.
Xizmatlarda ulushi eng katta sohalardan biri, bu – umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari.
Davlatimiz rahbari ularning eng katta muammosi QQS va ishchilar hisobini yuritish ekanidan xabardorligini ta’kidladi.
Shu bois 1 yanvardan umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi tadbirkorga “keshbek” sifatida qaytarib beriladi. Bunda oylik aylanmasining 60 foizini naqd pulsiz amalga oshirgan korxonalarga QQSning 40 foizi to‘langan zahoti qaytariladi. Agar naqd pulsiz aylanma 60 foizdan kam bo‘lsa, “keshbek” 20 foiz bo‘ladi.
QQS to‘lashga o‘tgan restoran va kafelarga foyda solig‘i 2 karra kamayadi. 1 dekabrdan bu korxonalar naqd pulga sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kirim qilishda hech qanday hujjat talab qilinmaydi.
Restoran va kafelar ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan mehnat shartnomasini tuzishi mumkin bo‘ladi.
Xuddi shu kabi 1-oktabrdan mehmonxona va turoperatorlarga ham to‘langan QQSning 20 foizi “keshbek” qilib beriladi.
Sharhlar