Tez tibbiy yordam xizmati faoliyati takomillashmoqda
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika tez tibbiy yordam markazi tomonidan 103 xizmati hamda uning quyi tashkilotlariga OAVlari uchun press-tur tashkil etildi.
Jurnalist va blogerlarning birinchi manzili Respublika tez tibbiy yordam markazining Toshkent shahar filiali bo‘ldi. Dastlab soha mutaxassislari tomonida tizimda olib borilayotgan ishlar tafsilotlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Koll-markazi faoliyati bilan tanishdi. Aholidan kelgan chaqiruvlarni qabul qilish va tez fursatda maxsus brigadirlarga yetkazib, ularni belgilangan hududga borishini ta’minlash bu markazning asosiy vazifasi.
Respublika tez tibbiy yordam Call-markaziga bir kunda fuqarolar tomonidan 3700-3800 ga yaqin chaqiruvlar kelib tushadi. Mutaxassislarning bildirishicha, 18:00 dan 01:00 ga qadar tig‘iz vaqt hisoblanadi. Chunki, bu vaqt mobaynida fuqarolardan tez tibbiy yordamga bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlar soni bir necha baravarga ortadi.
Ta’kidlash kerakki, tez tibbiy yordam xizmatida elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi va yagona “Call-markazi” birinchi bo‘lib aynan Toshkent shahar filialida joriy etilib, keyinchalik boshqa hududlarda yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan 2852 ta brigadalarning ish samaradorligini oshirish, fuqarolarga yanada qulay sharoit yaratish maqsadida 1000 ta zamonaviy Volswagen Caddy rusumli avtomobillar yetkazib berildi va har bir transport GPS-treker bilan ta’minlangan. Bu esa operatorlarga mashinalarni qayerda harakatlanayotganini kuzatishga imkon beradi.
Press-tur davomida mutaxassislar jurnalistlarning tez tibbiy yordam brigadalari chaqiruvlarga nega kech borishi haqidagi savollariga quyidagidek javob berdi.
“Aslida tez tibbiy yordam markazimizning moddiy texnik bazasi yetarli. Lekin, bizga daxldor bo‘lmagan holatlar ham bor. Shahar ichidagi tirbandlik, yo‘l masalasi, manzillarni aniq aytilmasligi bunga asosiy sabab. Shuningdek bizda 18:00 dan 01:00 ga qadar tig‘iz vaqt bo‘ladi. Bunda har doimgidan ko‘ra ko‘proq chaqiruvlar keladi. Shu sabali ham biroz kechikishlar bo’lishi mumkin.
Mutaxassislar soxta chaqiruvlar haqidagi savolimizga, “Bunday holatlar ham bo‘lib turadi. Asosan, bemor fuqaro bo’lsa ham boshqa manzilni berilishi yoki o‘z manzilini bilmaslik natijasida mavjud bo‘lmagan hududni ko‘rsatganligi natijasida kelib chiqadi. Lekin yashirmaslik kerakki, bizning faoliyatimizning naqadar muhim ekanligini tushunmagan fuqarolar soxta chaqiruvlarni amalga oshiradi. Biz bunday holatlarda ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda ish olib borib, soxta chaqiruvni amalga oshirgan fuqarolarga qonuniy chora ko’rilishini so’raymiz”,- deya javob berdi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash maktabi ishtirokchilarning keyingi manzili bo‘lib, ular bu yerdagi sharoit bilan tanishdi. Bugungi kunda Respublikada ushbu sohada jami 65643 nafar xodimlar faoliyat yuritib kelmoqda. Ulardan 12720 nafari shifokorlar, 33399 nafari o‘rta tibbiyot xodimlari, 15583 nafari haydovchilar va 3914 nafari boshqa kasb egalarini tashkil qiladi.
Respublikamizda 2022-yilga qadar aynan tez tibbiy yordam xodimlarining malakasi oshirish va qayta tayyorlash maktablari mavjud bo‘lmagan. Uning vazifasini esa maxsus tibbiyot markazlari bajargan. Bugungi kelib ushbu markazda dispetcherlar, feldsherlar va hamshiralar bilan birga favqulodda vaziyatlar xodimlari, milliy gvardiya kabi birinchi tibbiy xizmat ko‘rsatish zarur bo‘lgan kasb egalari ham o‘qitilmoqda.
Ushbu tajriba oshirish maktabiga xodimlarni qayta tayyorlashni namunali tashkil etish maqsadida Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi tomonidan 10,8 mln AQSH dollari miqdorida xorijiy grant mablag‘lari jalb qilinib, 12675 nafar xodim qayta o‘qitildi. Loyihaning 1-bosqichida Toshkent shahri va Samarqand viloyatida zamonaviy simulyatsiya markazlari tashkil etilib, ular odam ko‘rinishidagi, mobil simulyatorlar va tibbiyot asbob uskunalari bilan ta’minlandi. 2-bosqichda esa 2024-2027-yillar davomida Respublikaning qolgan 12 ta hududida simulyatsiya markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
OAV xodimlari va blogerlarnin so‘ngi manzili poytaxtdagi Yangihayot tumanida joylashgan 13-sonli podstansiya bo‘ldi. Bu yerda ular tez tibbiy yordam xodimlarining faoliyati va kunlik chaqiruvlarga yetib borish jarayonlarini tashkil etilishi bilan tanishdan.
Jumladan, podstansiyada mavjud 41 xil turdagi dori vositalarini saqlash sharoiti, yengil holatdagi bemorlarni davolash xonalari va tez tibbiy yordam avtomobillarini GPS-treker orqali kuzatish jarayonlarini o‘rgandi.
Mutaxassislarning bildirishicha, maxsus saytlar orqali avtomobillar operatorlarga 4 xil qizil, ko‘k, sariq va yashil rangda ko‘rinadi. Unga ko‘ra:
Ko‘k – ayni damda bo‘sh brigada;
Yashil – chaqiruvga yo‘lga chiqqan brigada;
Qizil – bemorni shifoxonaga olib ketayotgan brigada;
Sariq – ta’mir talab brigada;
deb belgilangan. Shu ko‘rsatgichlarga qarab operatorlar chaqiruvlarga brigadalarni bog‘lab berishadi.
Sharhlar