Toshkent viloyatida fuqaro “tez yordam” shifokorini do‘pposladi
Joriy yil 1-iyun kuni soat 16:35 da Toshkent tumanida yashovchi fuqarodan bosh og‘rig‘i shikoyati bilan murojaat kelib tushgan. Bu haqda Toshkent tumani hokimligi xabar bermoqda.
Chaqiruv soat 16:39 da eng yaqin “Yangiobod” shoxobcha brigadasiga uzatilgan. Shifokor va feldsherdan iborat brigada manzilga soat 16:45 da yetib borgan. Bemor shifokorga bosh og‘rig‘i, bezovtalik, umumiy holsizlik shikoyatlari borligini va buyrak kasalligi bo‘yicha davolanayotganini aytgan.
Shifokor bemorga qo‘shimcha kasalliklari bo‘yicha savollar berayotgan vaqtda, bemor shifokordan ishini tezroq bajarishini talab qilib, uni haqoratlay ketib o‘rnidan turib, to‘satdan shifokorning yuziga musht bilan urgan. Shifokorning labi va pastki jag‘ sohasidan qon ketishni boshlagan va biroz vaqtga shifokorda karaxtlik holati kuzatilgan. Holat bo‘yicha hudud profilaktika inspektoriga xabar berilgan.
Shifokor boshqa brigada bilan Toshkent tibbiyot akademiyasining Yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limiga olib kelingan. Jarohat joyi tikilib, qon oqishi to‘xtatilgan. Shifokor ishini davom ettirish maqsadida ish joyiga qaytgan. Biroz vaqtdan so‘ng, shifokorda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, umumiy holsizlik kuzatila boshlagan va zudlik bilan gospitalizatsiya qilingan. Unga “Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. O‘ng tomon pastki lab sohasida tikilgan jarohati. O‘ng pastki jag‘da yumshoq to‘qimalar lat yeyishi” tashxisi qo‘yilgan. Hozirgi vaqtda bemor-shifokor bo‘limda tibbiy muolajalarni qabul qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, shifokor ariza bilan tegishli organlarga murojaat qilgan taqdirda, shifokorni kaltaklagan fuqaroga nisbatan qasddan jarohat yetkazganlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atiladi.
Sharhlar