O‘zbekistonda tezyurar poyezdlar tariflari bozor tamoyili asosida tartibga solinadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida temir yo‘l transporti sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan «Temir yo‘l transporti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Bu haqda O’zA xabar bermoqda.
– Qonun loyihasi bilan sog‘lom raqobat muhitini yaratish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, temir yo‘l transportini monopoliyadan chiqarish maqsadida tashuvchi va vagonlar (konteynerlar) operatori huquq va majburiyatlari belgilab berilmoqda, – dedi Transport vaziri o‘rinbosari Jasur Choriyev. – Amaldagi qonunchilikda tashuvchining huquq va majburiyatlari ko‘rsatilmagan. Ushbu qonun loyihasida tashuvchining huquq va majburiyatlari ham belgilanmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasida temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish sohasini yanada rivojlantirish, ushbu sohada davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asoslarini yaratish, investitsiyalarni jalb etishni kengaytirish hamda yo‘lovchilarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash imkoniyatlarini oshirishda nodavlat sektor ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida temir yo‘lda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Bozor tamoyili asosida shakllantiriladigan tariflar ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, tezyurar poyezdlar – «Afrosiyob», «Sharq», «Nasaf» kabi poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, bozor tamoyili asosida tartibga solish amaliyoti joriy qilinmoqda. Shuningdek, temir yo‘l transportida yuklarni tashishda chegirmalar berish amaliyotidan voz kechilmoqda. 2023 yilda 29 turdagi chegirmalar berilishi natijasida korxona 1,3 trillion so‘m daromad yo‘qotgan. Yuklarni tashishga berilgan chegirmalar va cheklangan tariflar asosida yo‘lovchi va yuklarni tashishdan ko‘rilgan zarar 2,8 trillion so‘mni tashkil qilgan.
Shuningdek, qonun loyihasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida temir yo‘l transportida yo‘lovchilarning imtiyozli yurishi ham belgilanmoqda. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslar chiptalarni imtiyoz bilan onlayn xarid qilishlari mumkin bo‘ladi. Amalda esa imtiyozli chiptalarni sotib olish uchun fuqarolar kassaga borishlari zarur edi. Bu fuqarolarga yanada qulaylik yaratadi.
Muhokamalar davomida deputatlar temir yo‘l transportidagi ayrim kamchilik va muammolarni ham o‘rtaga tashlab, qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni berdilar.
Sharhlar