Tibbiy ta’limda sun’iy intellektdan foydalaniladi
Joriy yilning 17-20-oktabr kunlari Toshkent davlat stomatologiya instituti delegatsiyasi Turkiya Respublikasida bo‘lib qaytdi.
Tashrif davomida sun’iy intellekt texnologiyalarini tibbiy ta’limda, davolash va ilmiy-tadqiqot faoliyatida tatbiq etish yuzasidan Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori N.Haydarov va “Eskisehir Osmangazi University” universiteti rektori K.Cholak o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Uchrashuvda shuningdek, institut delegatsiyasi stomatologiya fakulteti dekani S.Bayrak hamda “Craniocatch Medikal Diş Sanayi ve Ticaret A.Ş.” kompaniyasi direktori I.Bayroqdor bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida sun’iy intellektning tibbiyotda qo‘llanilishi va bunday tizimlarni yaratishda sun’iy neyron tarmoqlar texnologiyasidan foydalanish afzalliklarini o‘rganish, davolovchi shifokorlarga tezkor tashxislash qarorlarini qabul qilishga yordam berish, bu sohada kadrlarni tayyorlar, ularning malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar asosida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan oqilona foydalanish singari masalalar ikki oliy ta’lim muassasalari ishchi guruhlari oldidagi muhim vazifalar sifatida belgilab olindi.
Ma’lumot o‘rnida: “Eskisehir Osmangazi University” 1970-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 13 fakultetda 35 mingdan ortiq talabaga 1700 nafar professor-o‘qituvchi dars beradi.
Sharhlar