Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish uchun xorijiy mutaxassislar jalb etiladi
Vazirlikning “Tibbiyot mutaxassislarini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan xorijda o‘qitish, malaka oshirish (stajirovka o‘tash) va qayta tayyorlash, shuningdek, xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilishni tashkil etish choralari to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilindi.
Hujjatda davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini o‘qitish, malakasini oshirish va tajriba almashishini tashkil etish, jahondagi sohaga oid ilg‘or amaliyotlarni mamlakatda yo‘lga qo‘yish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish va bu jarayondagi xarajatlarni davlat tomonidan moliyalashtirish ham ko‘zda tutilgan.
Sog‘liqni saqlash tizimidagi xorijiy mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha nomzodlarni saralash tanlovini tashkil etish, vazirlik huzuridagi Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish uchun nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish hamda saralash tartibi belgilandi.
Sohada xorijiy mutaxassisga ehtiyoj mavjud bo‘lganda vazirlikning veb-saytida tibbiyot xodimlarini o‘qitish, malakasini oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha davlat tibbiyot tashkilotlari va tibbiyotning ustuvor yo‘nalishlari ro‘yxati e’lon qilinadi.
Davlat tibbiyot tashkiloti rahbarlari o‘z muassasasi xodimlari uchun zarur bilimlarni bera oladigan, deb hisoblagan xorijiy mutaxassislarning ma’lumotlarini elektron shaklda vazirlik tomonidan belgilangan elektron pochta manziliga yuboradilar.
Nomzodlarni saralash belgilangan mezonlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Kuzatuv kengashi tomonidan saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar ro‘yxati asosida xorijiy mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha umumiy reja tuzilib, tasdiqlanadi va moliyalashtirish uchun Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi direksiyasiga taqdim etiladi.
Jamg‘armaning Kuzatuv kengashi buyurtmachilardan xorijiy mutaxassislarni jalb etish yuzasidan kiritilgan hujjatlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni so‘rab olishga haqlidir.
Sharhlar