O‘zbekistonda oilalar sariq, qizil va yashil toifalarga ajratiladi
O‘zbekistonda kambag‘allik bo‘yicha mahalla reytingi yuritiladi. Bu haqda prezident maslahatchisi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozadi Spot.
Unda kambag‘al oilalar ulushi, ishsizlik darajasi hamda migrantlar ulushi yuqori mahallalar bo‘ladi. Hozirda 1000 ta mahallada kambag‘allik ulushi mamlakat darajasidan ikki barobar ko‘p (22−35%). 107 ta mahallada ishsizlik darajasi 6,8% dan, 169 ta mahallada xorijda ishlashga ketganlar ulushi 9%dan yuqorini tashkil etadi.
“Kambag‘allik darajasi yuqori mahallalarda alohida yondashuv asosida infratuzilma va tadbirkorlikni rivojlantirish, lider tadbirkorlarni jalb qilish, bu yerga banklar tomonidan kichik loyihalarni amalga oshirib, mahallani kambag‘allikdan holi hududga aylantirish topshirildi”, — deydi prezident maslahatchisi.
Bundan tashqari, 8 yo‘nalishdagi savollar asosida oiladagi barcha omillar o‘rganiladi. Hokim yordamchilari hamda ijtimoiy xodim tomonidan xonadonga borgan holda 1 oygacha muddat ichida baholanadi.
Mansurbek Olloyorovning qayd etishicha, oilani kambag‘allikdan chiqarish rejasini ishlab chiqishda integratsiyalashgan xizmatlar tashkil etilib, oilani baholaganda bir vaqtning o‘zida sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya, bandlik va boshqa turdagi xizmatlar taklif etilishi ko‘zda tutilgan.
“Bu yerda eng muhimi — kambag‘allikka tushib qolgan oilani stressdan chiqarish, xulq-atvorini o‘zgartirish, uni harakatga undash bo‘yicha alohida dasturlar kiritish borasida topshiriqlar berildi”, — deydi u.
Oilalar quyidagicha uchta toifaga ajratiladi:
- Qizil — og‘ir vaziyatdan chiqib ketish imkoniyati past: mehnat qilolmaydiganlar — doimiy yordamga muhtoj bo‘lganlar;
- Sariq — og‘ir sharoitdagi oilalar: integrallashtirilgan ijtimoiy yordam hamda xizmatlar ko‘rsatib, oilaga yangi imkoniyatlar yaratiladi;
- Yashil — kambag‘allikka tushish xavfi bo‘lgan oilalar: ijtimoiy muammolari bartaraf etilib, oilalar daromadini oshirish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, Olloyorov davlat rahbari alohida respublika darajasida komissiya tashkil etib, kambag‘allikdan qisqartirish dasturining amalga oshirilishini monitoring qilish bo‘yicha topshiriq berganini qayd etdi.
Har yili kambag‘allik darajasi eng yuqori bo‘lgan 50ta mahalla tanlab olinadi. Ularga kamida 500 mlrd so‘m kompleks chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish uchun investitsiya dasturi doirasida mablag‘lar ajratiladi.
Sharhlar