Toliblar asta-sekin OAVda tirik mavjudotlarning tasvirini namoyish etishni taqiqlamoqda
Afg‘onistonning ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi mamlakatning ayrim viloyatlarida Tolibon axloq kodeksining ommaviy axborot vositalarida tirik mavjudotlar tasvirini ko‘rsatishni taqiqlovchi moddasi ijrosini faol nazorat qila boshladi. Bu haqda Amu.tv xabar berdi.
Xususan, Hirot viloyati jurnalistlari o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Milliy za’faron festivali doirasidagi tadbirlarni suratga olish va videoga olish mahalliy hokimiyat organlari tomonidan taqiqlanganini aytishmoqda.
Biroq, mahalliy manbalarga ko‘ra, ikki tomonlama standartlar ham bor. Masalan, yaqinda Tolibon tomonidan tasdiqlangan viloyat rahbarining o‘rinbosari kamera oldida ochiq intervyu berdi, televidenieda amaldorning videosi namoyish etildi.
Shu bilan birga, radikal harakat vakillari sentyabr oyining boshidan noyabr oyining o‘rtalariga qadar Afg‘onistonning yana beshta viloyati: Qandahor, Vardak, Tahor, Badg‘is va Nangarhorda tirik mavjudotlarni suratga olishni taqiqlagani ma’lum.
Ammo Tolibon cheklovlarni butun Islom Amirligida kengaytirishni rejalashtirayotganini yashirmayapti. Bu haqda France Press muxbirlariga Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligining xodimi Seyf-ul-Islom Xaber ma’lum qilgan.
Ommaviy axborot vositalarida ko‘pchilik bu siyosatni o‘zgacha fikrlashni bostirish va ommaviy nutqni nazorat qilishga qaratilgan kengroq urinishning bir qismi deb hisoblamoqda.
Jurnalist Mustafo Shahriyorga ko‘ra, ovoz va tasvir jamiyat haqiqatini aks ettiradi, agar ular olib tashlansa, Afg‘onistonning ovozi jim bo‘ladi, xalqqa nisbatan qo‘yilgan adolatsizlik va cheklovlar haqida hech kim eshitmaydi.
Jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti rahbari o‘rinbosari Basir Ahmad Donishyor ham taqiqda siyosiy sabablarni ko‘rmoqda.
“Bunday qarorlar axborot oqimini cheklaydi va mavjud rejimning so‘z erkinligi ustidan nazoratni yo‘qotishdan kengroq qo‘rqishini aks ettiradi”, – deydi u.
Inson huquqlari tashkilotlari Tolibonning so‘nggi cheklovlari Afg‘onistonda mustaqil matbuotning yanada yakkalanishiga olib keladi, degan jurnalist fikriga qo‘shiladi.
Sharhlar