Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentini tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
17-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Prezident Matbuot xizmati.
Davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidentini tavallud kuni bilan chin yurakdan tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, qardosh qozoq xalqiga tinchlik va ravnaq tiladi. Qasim-Jomart Toqayevning O’zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi alohida qayd etildi.
Ikki davlat rahbarlari O’zbekiston-Qozog‘iston ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirishga doir dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar. Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan amaliy uchrashuvdagi kelishuvlarning amalga oshirilishi va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik loyihalarining yangi portfelini shakllantirish, biznes va hududlarni jalb qilgan holda sanoat, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi kooperatsiyani ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Sharhlar