Toshkent aeroporti ko‘chirilmaydigan bo‘ldi
“O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan 1-sentabrdan boshlab 1989-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda qabul qilingan 493 ta qarorni bekor qilish ko‘zda tutilgan.
Xususan, 1992-yil 24-iyuldagi “Toshkent aeroportini ko‘chirish haqida”gi qaror ham bekor qilingan. Mazkur qarorda Toshkent aeroportini shahardan 45 kilometr janubi-g‘arbda va Chinoz shahridan 12 kilometr shimolda joylashgan yer uchastkasiga ko‘chirish ko‘zda tutilgandi.
2020-yilda o‘sha paytdagi Uzbekistan Airports raisi Ravshan Ismoilov Toshkent xalqaro aeroportini yaqin yillarda Angren yoki Chinoz tomonga ko‘chirish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, Uzbekistan Airports’ning boshqa bir sobiq boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayeva ham 2022-yilda Toshkent xalqaro aeroportini poytaxtdan tashqariga ko‘chirish imkoniyatlari muhokama qilinayotgani haqida aytib o‘tgandi. Unga ko‘ra, yangi uchish-qo‘nish yo‘laklarini qurishning imkoni yo‘qligi sabab havo bandargohining hozirgi quvvati uzog‘i bilan 2027-yilgacha yetadi.
Sharhlar