Toshkent aeroportida 13 ta Iphone 16 Pro Maxlarni olib kirayotgan fuqaro ushlandi
17-oktyabr kuni IBK Kontrabandaga qarshi kurashish shu’basi xodimlari tomonidan “Toshkent” xalqaro aeroporti” chegara-bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan tezkor kuzatuvga olingan fuqaroning xatti-harakatlari yaqindan o‘rganilgan.
Mazkur fuqaro kutib olish joyida yo‘lovchilarga berilgan imtiyozlardan foydalangan holda uyali aloqa vositalarini bojxona chegarasidan o‘tkazib, so‘ng ularni aeroport hududida keyinchalik noqonuniy tarzda yig‘ib olishni maqsad qilgan.
Xalqaro aeroportning yo‘lovchilarni kutib olish joyida fuqaro Abu-Dabidan uchib kelgan bir nechta yo‘lovchilar tomonidan bojsiz olib kirish normasi doirasida olib kirilgan jami 13 dona “Iphone 16 Pro Max 256GB” rusumli uyali aloqa vositalarini yig‘ib olib, aeroport hududini tark etayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Telefonlarning umumiy taxminiy qiymati 235 mln so‘mni tashkil qilmoqda.
Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Farg‘onada fuqaro qiymati 900 million so‘mlik iPhone 16 ProMax olib kirishga uringanligi haqida xabar bergan edik.
Sharhlar