Toshkent avtobuslari elektron to’lov tizimiga o’tishga tayyormi?
2025-yil boshidan Toshkent shahridagi jamoat transporti tizimida yangi davr boshlanishi kutilmoqda: naqd pul to’lovlaridan voz kechilib, to’liq avtomatlashtirilgan to’lov tizimiga o’tish reja qilingan. Bu haqida Tranport vaziri Ilhom Mahkamov joriy yilning 18-oktabr kuni “Transport sohasidagi islohotlar, davlat xususiy sherikchilik loyihalar va xalqaro hamkorlik jarayonlarining sohadagi o’rni” mavzusida bo’lib o’tgan tadbirda e’lon qilgan edi. Ushbu o’zgarish aholining to’lov madaniyatini rivojlantirish, qatnovni zamonaviy va qulay qilish, hamda shahar transport tizimini raqamli boshqaruvga yo’naltirishni ko’zda tutadi
Yangi tizimga o‘tish nafaqat to‘lov tizimini zamonaviylashtirish, balki jamoat transporti xizmatlarida muhim qulayliklarni ta’minlashni ham nazarda tutadi. Avtobus bekatlariga o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi infokiosklar o‘rnatilishi yo‘lovchilarga naqd pul bilan to‘lov qilish o‘rniga elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiradi. Toshkent shahri uchun bu katta ahamiyatga ega bo‘lib, shahar aholisi avvaldan karta va QR orqali to‘lov tizimiga o‘tishni boshlagan bo‘lsa-da, mazkur yangi tizim soha samarasini oshiradi.
Transport vazirligi matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 51 va 115-sonli avtobus yo‘nalishlarida sinov sifatida 18 ta to‘xtash bekatida infokiosklar o‘rnatilgan va ayrim avtobuslarga QR-kod orqali to‘lov qilish imkoniyatlari tatbiq etilgan. Bu jarayon to‘lov infratuzilmasi kengaytirilishi bilan birga, chiptachilar o‘rniga avtobus nazoratchilari faoliyat yuritadigan yangi modelga o‘tishni ham o‘z ichiga oladi.
Ma’lumotlarga ko’ra, Transport vazirligi yaqin yillarda Toshkent va Samarqand shaharlarida elektrobuslar harakatini joriy qilish, shuningdek, umumiy avtobus parkini kengaytirish maqsadida 1294 ta yangi avtobus sotib olishni rejalashtirmoqda. Shaharlarning ekologik muammolarini hisobga olgan holda, elektrobuslarning kiritilishi muhim qadam hisoblanadi. Mazkur qadam, ayniqsa, 2030-yilgacha elektrobuslar sonini 2000 taga yetkazish rejasi bilan uyg’unlashadi, bu esa nafaqat ekologik, balki iqtisodiy foyda keltiradi. Energiya tejovchi elektrobuslar yoqilg‘i sarfini kamaytiradi va shaharlarni toza havo bilan ta’minlashda ham sezilarli o‘zgarishlar yaratadi.
Shu bilan birga, yangi tizimga to‘liq o‘tish uchun ayrim qiyinchiliklar ham mavjud. To‘lov madaniyatini rivojlantirish va aholini yangi tizimga moslashtirish vazifasi ma’lum vaqt talab qiladi. O‘zgarish jarayonida texnik xizmat ko‘rsatish, o‘quv mashg‘ulotlari va tushuntirish ishlari muhim o‘rin tutadi. Avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilgach, naqd pulga to‘lov qilish imkoni bo‘lmasligi bu tizimga o‘tishni qiyinlashtirishi mumkin. Shuning uchun transport vazirligi aholiga yangi tizimni o‘zlashtirish va unga qulaylik yaratish uchun dastlabdan ko‘p yo‘nalishda chora-tadbirlar ishlab chiqishi lozim.
Toshkent shahri transport tizimining avtomatlashtirishga o‘tayotgani katta salohiyatga ega loyiha bo‘lib, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, ekologik ahvolni yaxshilash va shahar aholisi uchun qulay transport tizimini yaratish kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi. Agar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bu model boshqa hududlar uchun ham namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Avtomatlashtirilgan tizimga o’tish bilan, Toshkent shahri nafaqat transport qulayligi, balki ekologik va iqtisodiy samaradorligi oshgan, raqamli transformatsiyaga moslashgan zamonaviy shaharga aylanishiga yo‘l ochiladi.
Yangi tizim, xususan, to’lov madaniyati, texnologiyaga moslashuv va shahar ekologiyasini yaxshilashda uzoq muddatli foyda keltirishi kutilmoqda
Muallif: Ilhomjon Sobirov
*Reklama huquqi asosida
Sharhlar