“Toshkent-Dushanbe” yo’lida joylashgan yo‘l o‘tkazgichlar foydalanishga topshirildi
Mustaqillikning 33 yilligi arafasida Sirdaryo tumanining Ziyokor mahallasi hududidan o‘tuvchi, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan M34 “Toshkent-Dushanbe” yo‘lining 82-kilometrida joylashgan yo‘l o‘tkazgichi rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirildi.
Mazkur yo‘l o‘tkazgichning qurilish va rekonstruksiya ishlari “Ko‘prikqurilishfoydalanish” unitar korxonasi ishchi-xizmatchilari tomonidan amalga oshirildi.
Yo‘l o‘tkazgich tufayli avtotransport vositalari va aholining xavfsiz harakatlanishi uchun shart-sharoit yaratilib, 141 metr metall bezakli himoya panjaralari, 4127 metr metall himoya to‘siqlari, 96 dona ikki shoxli ruhlangan metall yoritish ustuni, 290 dona quyosh paneli yoritish chirog‘i, 108 dona yo‘l belgisi o‘rnatildi.
“Sirdaryoda ishga tushirilgan yo‘l o‘tkazgich rekonstruksiyadan oldin yo‘lovchi, avtotransport vositalarining o‘tib-qaytish talablariga javob bermay qolgandi. Davlat rahbarining e’tibori sabab, yo‘l o‘tkazgich qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Bundan nafaqat biz, tuman, viloyatimiz ahli, qolaversa, yo‘ldan o‘tuvchi mahalliy va xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan avtotransport vositalari haydovchilari mamnun bo‘ldi”, — deydi mehnat faxriysi Akbarali Mirzaahmedov.
Sharhlar