Toshkent metropolitenida kunlik yoʻlovchilar soni 1 millionga yetishi kutilmoqda

Foto: Tashtrans

Yozgi mavsumda metropoliten bir kunda 550-600 ming yoʻlovchini tashigan boʻlsa, oʻquv jarayonlari boshlangach, bu koʻrsatkich 920-930 ming nafargacha yetishi, oktyabr va noyabr oylarida esa 1 millionni tashkil etishi kutilmoqda.

Shu sababli, yoʻlovchilar uchun qulay sharoit yaratish va ehtimoliy tirbandliklarning oldini olish maqsadida bir qancha tadbirlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil davomida metropoliten uchun 14 ta zamonaviy harakat tarkibi xarid qilindi. Natijada tigʻiz vaqtlarda yoʻnalishlar boʻyicha intervallar quyidagicha qisqartirildi:

Chilonzor yoʻnalishi: 1,5–2 daqiqa;
Oʻzbekiston yoʻnalishi: 4 daqiqa;
Yunusobod yoʻnalishi: 4–5 daqiqa;
Yer usti xalqa yoʻli yoʻnalishi: 8–9 daqiqa.

Bundan tashqari, zahira poyezdlar harakatini yoʻlga qoʻyish ham rejalashtirilgan. Metro bekatlaridagi yuklamalarni kamaytirish maqsadida, metro yaqinidagi 27 ta oliy ta’lim muassasalarida darslar boshlanish vaqti turlicha belgilandi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.