Toshkent shahar hokimining yashirilgan qarorlari haqdagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirildi

Foto: Adliya vazirligi

“bakiroo” telegram kanalida Toshkent shahar hokimligi tomonidan “E-qaror” elektron tizimi orqali qarorlar yashirin tartibda qabul qilinayotganligi toʻgʻrisidagi post e’lon qilingan boʻlib, oʻtkazilgan oʻrganish mazkur qarorlarda shaxsga doir ma’lumotlar mavjudligi sababli yashirilganligini koʻrsatdi.

Hokimliklar tomonidan muayyan ijtimoiy soha yuzasidan, shu jumladan ma’muriy tartibdagi qarorlarga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni oʻz ichiga olgan qarorlarni qabul qilish holatlari koʻp boʻlganligi sababli, tizimda yopiq tarzda qabul qilingan qarorlar soni oshmoqda.

Joriy yil boshidan tizim orqali Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarining jami 3 734 ta qarorlari qabul qilingan boʻlib, shundan shaxsga doir ma’lumotlarni oʻz ichiga olgan mehnat qonunchiligiga oid 1 200 ga yaqin (ishga qabul qilish, mehnat shartnomasini bekor qilish, intizomiy qoʻllash, ragʻbatlantirish, vazifa yuklash, xizmat safari), vasiy va homiy tayinlash yuzasidan 190 dan ortiq hamda “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hamda ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam koʻrsatilishiga oid 70 ga yaqin hamda 50 dan ortiq uy-joy bilan bogʻliq qarorlar, bolalar uyiga joylashtirishga oid 30 ga yaqin qarorlar hisoblanadi.

“Shunga koʻra, mazkur turdagi qarorlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochiq tartibda e’lon qilinmaydi va albatta, adliya organlari tomonidan doimiy ravishda monitoring amalga oshiriladi”, – deyiladi xabarda.

Jumladan, monitoring natijasida yil boshidan hozirga qadar aniqlangan noqonuniy ravishda yashirilgan va qonunchilik hujjatlariga zid ravishda e’lon qilingan qarorlar yuzasidan tegishli munosabat bildirilib, 1 000 ga yaqin qarorlarning e’lon qilinganlik va yashirilganlik holatlari tizim orqali bartaraf etilgan.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.