Toshkent tumani viloyat aholisiga uy-joy qurish uchun asosiy baza bo‘lishi kerak

Yig‘ilishda Toshkent tumani, viloyati aholisiga uy-joy qurish uchun asosiy baza bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, Toshkent tumani orqali Qozog‘istondan kuniga 44 ming odam, jumladan 2-2,5 ming xorijiy turistlar o‘tib qaytadi.

Mutasaddilarga “Shifobaxsh suvlar” hududidan yana 5 ta sanatoriy qurish uchun joy topib, auksionga chiqarish, Shifobaxsh suvlar ko‘chasini kengaytirib, atrofida yirik savdo, sport va ko‘ngilochar markazlar, ko‘p qavatli uylar qurish bo‘yicha master reja ishlab chiqish topshirildi.

Poytaxtdagi korxonalarga viloyatdagi qurilishi to‘xtagan obyektlarga ko‘chib o‘tishni taklif qilish muhimligi ta’kidlandi.

Ancha vaqtdan beri sotilmagan 70 ta obyekt poytaxtdagi tadbirkorlarga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga beriladi. Sharti – ishchilarning 50 foizi kambag‘al oiladan bo‘lishi kerak.

Uch yilda tijorat obyektlari poytaxtda 5,7 million kvadratga ko‘paygan bo‘lsa, Toshkent viloyatida 1,6 millionga oshdi. Viloyatda har yili 1 million kvadrat tijorat joyi tashkil qilish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Yil yakunigacha 115 ta ko‘p qavatli uy, 39 kilometr suv va 29 kilometr gaz tarmog‘i qurilishini yakunlash vazifasi qo‘yildi.

Zangiota tumanidagi Ibrat va Ulug‘bek mahallalariga xizmat qilgan 2 ta oqova suv inshooti eskirgani, Bog‘zor va Nurobod mahallalaridagi ko‘p qavatli uylarda isitish va oqova tizimi muammoli ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga bu 4 ta mahallada suv, oqova va isitish tizimini yaxshilash loyihalarini tayyorlash topshirildi. Angren, Olmaliq, Ohangaron shaharlari, Piskent va Ohangaron tumanlarining viloyat sanoatidagi ulushi 50 foizni tashkil qiladi. Bu 5 ta shahar-tuman bir-biri bilan yonma-yon joylashgan bo‘lib, xom ashyo zaxirasiga juda boy.

Bu yerlarda ishlab chiqarishni kooperatsiya va klaster asosida tashkil etish uchun mutlaqo yangi tizim – “Sanoat uchburchagi” dasturini tayyorlashga qaror qilindi. Masalan, Olmaliq kombinatida yiliga 600 ming tonna temir tarkibiga qo‘shimcha komponent – “ogarok” ishlab chiqarilayapti. Ohangaron tumani va shahri, Piskentdagi 3 ta sement zavodi ishlab chiqarishda ushbu komponentdan foydalanayapti.

Tumanlar kooperatsiya qilsa, transport xarajati 20-30 foizga, tannarx esa 5-10 foizga kamayishi ta’kidlandi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.