Toshkent va Xorazmda O’zbekiston-Eron qo’shma biznes-forumlari o’tkaziladi
19-20-sentabr kunlari Toshkent shahrida va Xorazm viloyatida O’zbekiston-Eron qo’shma biznes-forumlari o’tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mazkur tadbirlar O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatning Tehrondagi elchixonasi, Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahri hokimligi hamda Eron Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo’jaligi palatasi va Eron elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Biznes-forumlarda ishtirok etish maqsadida Eron Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo’jaligi palatasi prezidenti Samad Hasanzadeh boshchiligidagi 60 dan ziyod yirik va yetakchi kompaniyalar rahbarlari O’zbekistonga kelishi kutiladi.
Eron delegatsiyasi biznes-forumda ishtirok etish bilan bir qatorda O’zbekistonning tegishli vazirlik va idoralarida uchrashuvlar o’tkazishni hamda erkin iqtisodiy sanoat zonalariga tashrif buyurishni rejalashtirgan.
Tadbir doirasida sanoat, innovatsiya, qishloq va suv xo’jaligi, oziq-ovqat, baliqchilik, qurilish materiallari, dori-darmon va farmatsevtika, to’qimachilik, logistika va muhandislik sohalaridagi istiqbolli loyihalar muhokama qilinadi.
Shuningdek, forum davomida Eron biznes doiralari vakillari va Xorazm viloyati hamda Toshkent shahri ishbilarmonlari o’rtasida B2B formatdagi uchrashuvlar bo’lib o’tadi.
Sharhlar