Toshkent viloyatida 23 ta “Yashil bogʼ” barpo etiladi
“Yashil bogʼ” qurilishi joriy yilning “Yashil makon” umummilliy loyihasi kuz mavsumidan boshlanadi. Har bir bogʼda maydonidan kelib chiqib 500 tadan 150 ming tupgacha manzarali daraxt koʼchatlari ekilishi rejalashtirilgan. Xususan, Toshkent viloyatining Boʼka tumani aholisi tashabbusi bilan eng koʼp ovoz to‘plagan Jagʼalbayli MFY hududida 0,1 gektar maydonda bogʼ barpo qilinib, tuproq, iqlim sharoitiga ko’ra kashtan, yapon saforasi, qayragʼoch, shumtol kabi manzarali daraxtlar ekiladi. Zamonaviy sugʼorish tizimlari yoʼlga qoʼyiladi, agrotexnik tadbirlar muntazam olib boriladi.
Shuningdek, Bekobod tumani Qoraqoʼyli MFYda 1,12 gektar (ga) maydonda, Ohangaron shahri Yoshlik MFYda 0,8 ga maydonda, Ohangaron tumani Qoraxitoy MFYda 1,0 ga maydonda, Oqqoʼrgʼon tumani Sultonobod MFYda 0,5 ga maydonda “Yashil bogʼlar” barpo etiladi. Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani, Olmaliq shahri, Chirchiq shahri, Chinoz tumani, Yuqori Chirchiq tumani, Piskent tumani, Nurafshon shahri, Zangiota tumani, Parkent tumani, Yangiyoʼl tumani, Аngren shahri, Oʼrta Chirchiq tumani, Boʼstonliq tumani, Qibray tumani, Toshkent tumanida ham “Yashil bogʼlar” yaratiladi.
Ma’lumot uchun, “Mening bogʻim” loyihalari uchun ovoz berish 27-iyundan 7-iyulga qadar davom etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra joriy yilda Respublikamizning jami 208 ta tuman va shaharlarida “yashil bogʻ” va “yashil jamoat parki” barpo etiladi. Buning uchun jami 52 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan bo‘lib, tuman va shaharlarda 250 mln soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda teng taqsimlanadi.
Sharhlar